Videoreportaj: Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari Gulnora Normurodova ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi
Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova 2025-yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar va joriy yildagi qilinadigan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 62 ming nafar xotin-qizni band qilish rejasi 162 foizga bajarilib, amalda 100 ming nafar ayol ish bilan ta’minlandi. 21 157 nafar xotin-qizga 556,2 mlrd so‘m imtiyozli kredit ajratildi. 32 ta mahallada bandlik va salomatlik markazlari tashkil etildi.
20 969 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Natijada 13 ming nafardan ortiq ayol doimiy ishga joylashdi. Imtiyozli kreditlar hisobiga 10 744 nafar ayol tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.
“Ayollar daftari” doirasida 46 ming nafar xotin-qizga manzilli yordam ko‘rsatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga moddiy yordam, tibbiy ko‘mak va uy-joy ta’miri ishlari amalga oshirildi. 38 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
2 050 nafar ehtiyojmand ayol sog‘lomlashtirildi. Nizoli oilalarning 85 foizida muammolar bartaraf etildi. 2 978 nafar talaba xotin-qizlarning 7,6 mlrd so‘mlik kontrakt to‘lovlari qoplab berildi. Viloyatda oliy ta’limda xotin-qizlar ulushi 55 foizni tashkil etmoqda.
2026-yilda oila institutini mustahkamlash, nizoli oilalar bilan ishlash va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha qator chora-tadbirlar rejalashtirilgan.
📹 Batafsil videolavhada tomosha qiling.